Shartsiz reflekslardan so‘ng bolangda birinchi mustaqil harakatlar paydo bo‘ladi. U qo‘l va oyoqlarini qimirlata boshlaydi, ammo bu faoliyat hozircha tartibsiz. Sen bunday harakatlarni his qila olmaysan — bola hali juda kichik. Birinchi turtkilarni 16-haftadan oldin sezmaysan.
BU HAFTADA SHAKLLANADI:
miya, yurak, ko‘rish, eshitish, jinsiy a’zolar.
ZARUR VITAMIN VA MIKROELEMENTLAR:
metafolin, vitamin B6, vitamin B12, temir, vitamin B1, vitamin S.
Mundarija:
Bolaning rivojlanishi
Hozir bolangning boshi tanaga nisbatan juda katta. Sababi, miya juda tez o‘smoqda va tana unga yetib olishga ulgurmayapti. Bosh miya hujayralari tarmoqlanib, asab yo‘llarini hosil qiladi.
Ko‘z to‘r pardasida pigment paydo bo‘ladi. Ichki va tashqi quloq shakllanishi tugagan, shuningdek bolangning yuqori labi shakllangan, burun teshiklari paydo bo‘lgan, tanglay birlashish jarayoni davom etadi, ta’m sezish retseptorlari shakllanadi, til shakllanadi.
Jinsiy bo‘rtma allaqachon ko‘rinadi, lekin tashqi jinsiy a’zolar hali farqlanmaydi. Qo‘l va oyoqlar o‘sadi, suyaklar va tog‘aylar rivojlanadi. UZI tekshiruvida yelka, bilak va hatto tirsaklarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Bolaning xulqi va ko‘nikmalari
Qo‘l va oyoqlar biroz o‘sgach, bola birinchi tartibsiz harakatlarni amalga oshira boshlaydi.2 Hozir bu shunchaki mashq, ammo sal o‘tib, harakatlar maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi: u tanasini o‘rganadi, yuziga teginadi, kindik ichagi bilan o‘ynaydi, hatto o‘zining “sport” ko‘nikmalarini namoyish eta boshlaydi.
Diagnostika
Agar sen hali shifokorga bormagan bo‘lsang, buni imkon qadar tezroq amalga oshirish kerak. Mutaxassis dastlabki qabulni o‘tkazadi va barcha zarur tekshiruvlarni belgilaydi, homiladorlikni yuritish taktikasi haqida ma’lumot beradi va almashinuv kartasini rasmiylashtiradi. Homiladorlikni yuritish dasturiga kiruvchi barcha muolajalar va boshqa mutaxassislar konsultatsiyasidan o‘tish uchun vaqtni oldindan rejalashtirish muhimdir.
Vitaminlar va minerallar
Bolaning to‘g‘ri rivojlanishi, ayniqsa, organizmga oziq-ovqat orqali va maxsus komplekslar tarkibida kelib tushadigan vitamin va mikroelementlarga bog‘liq. Bu davrda foliy kislotasi (uning oson o‘zlashtiriladigan shakli — metafolin) juda muhim bo‘lib, u bolangning yuragi va miyasi shakllanishiga yordam beradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, homiladorlik davrida kuniga kamida 400 mkg foliy kislotasi kerak bo‘ladi3.
Folatlar B1, B6 va B12 vitaminlari bilan birgalikda qabul qilinishi kerak. Ular oqsil, yog‘ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi va asab tizimi funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi4.
Temirning ahamiyatini ham qayd etish lozim. Bu mikroelement gemoglobin darajasini saqlashga yordam beradi va kislorod tashishda ishtirok etadi. Temirning o‘zlashtirilishiga vitamin S yordam beradi.
Manbalar:
- Pregnancy week 8, American Pregnancy Association. americanpregnancy.org (murojaat sanasi — 31.05.2019).
- Aýlamazýan E. K. Akusherstvo: tibbiy oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. 4-nashr., to‘ldirilgan / E.K. Aýlamazýan. — SPb.: SpetsLit, 2003. — 528 b.: il. library.tma.uz.
- WHO recommendations on antenatal care for a positive pregnancy experience. I. World Health Organization, 2016.
- Mozgovaya E.V. va hammualliflar. Homiladorlikda temir tanqisligi kamqonligi va gestozning oldini olish uchun Elevit Pronatal vitamin-mineral kompleksining klinik samaradorligini baholash // Rossiya tibbiyot jurnali, 2011. №1. B. 34-39.