9-haftada sening holating
Bo‘limlar:
Sening ahvoling
Ha, hali ham unchalik yoqimli hislar emas. Biroz sabr qil — tez orada toksikoz, shuningdek, jahldorlik va charchoq ham sekin-asta kamayadi. Ehtimol, sen allaqachon ko‘ngil aynishini yengillashtirish uchun mos usullarni topgandirsan. Agar sen bizning saytimizda birinchi bo‘lsang — oldingi haftalar bo‘limida bu haqda batafsil o‘qishing mumkin.
Mana ko‘ngil aynishi va noqulaylikni eng ko‘p chaqiradigan mahsulotlar:
- yog‘li va qovurilgan taomlar;
- kolbasa mahsulotlari;
- piyoz;
- tuzlangan karam;
- oq karam va gulkaram;
- kofeinli ichimliklar (kola, qahva).
Hatto birinchi trimestrdayoq (qoring hali kattalashmagan bo‘lsa ham) qabziyat bezovta qilishi mumkin. Ayniqsa, kuchli toksikoz bo‘lsa, ko‘ngil aynishi va qusish tufayli suv va ovqatdan bosh tortish ro‘y beradi — bu organizmda suyuqlik va tolalarning yetishmasligiga olib keladi. Yana bir muhim sabab — progesteron gormoni darajasining oshishi, bu esa ichak peristaltikasini sekinlashtiradi. Kamharakatlik (gipodinamiya) ham qabziyatga sabab bo‘ladi. Agar shifokor taqiqlamagan bo‘lsa — muntazam ravishda toza havoda sayr bu noxush holatning oldini olishga yordam beradi..
Sening tanang
Sening yuraging endi ancha faol ishlamoqda: qon hajmi oshgani sababli bolaga ko‘proq oziqa yetkazib berilishi kerak1. Ehtimol, sen biroz vazn ham yig‘gandirsan. Biroq yoqimli o‘zgarish ham bor — sochlar va tirnoqlar tezroq o‘sadi. Buning sababi — bu davrda estrogеn gormonlarining ko‘p ishlab chiqarilishi.
Oziqlanish va turmush tarzing
Agar hozircha qabziyat bo‘lmasa ham — bu muammo haqida bilish va oldini olish choralari juda muhim.
Nimalarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi:
- yog‘li pishiriqlar (bulochka, pirog) va yangi oq non;
- tort, pirojniy, shirinliklar;
- oq guruch;
- kolbasa va dudlangan mahsulotlar;
- mayiz va uzum;
- quyuq choy va qahva.
Nimalarga e’tibor berish kerak:
- tarkibida kletchatka ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish — ichak peristaltikasini yaxshilaydi: yong‘oqlar, xom sabzavot va mevalar, pishirilgan qovoq, lavlagi, sabzi, grechka, butun donli non va boshqalar;
- nordon sut mahsulotlarini unutmaslik;
- yetarli miqdorda suyuqlik ichish;
- ko‘proq harakat qilish.
Sening yaqin atrofing
Hozir sen har qachongidan ko‘proq yordam va g‘amxo‘rlikka muhtojsan. Buni yaqinlaringdan bemalol so‘rashing mumkin. O‘zingni ehtiyot qil — tez-tez dam ol. Uy yumushlarining bir qismini turmush o‘rtog‘ingga topshirish va ishda yengillashtirilgan tartib haqida o‘ylash vaqti kelgan bo‘lishi mumkin.
Jinsiy yaqinlikdan voz kechish shart emas, lekin bu borada albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak. Qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa — ijobiy his-tuyg‘ularni rad etishning hech qanday ma’nosi yo‘q.
Manba:
- Gistologiya, embriologiya, sitologiya: darslik / Yu.I.Afanasyev va boshqalar. — 6-nashr, 2012. — 800 bet.